33-modda. Rasmiy statistikaning sifatini taʼminlash
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar rasmiy statistikaning sifatini doimiy asosda baholab boradi. Sifat kafolatini taʼminlash uchun rasmiy statistika rasmiy statistikaning qamrovi, tushunchalari, statistik birliklari va tasniflariga taalluqli umumiy prinsiplar hamda usullar asosida tayyorlanadi va tarqatiladi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar rasmiy statistikaning sifatini yaxshilash maqsadida maʼlumotlarni tahlil etish va tahrir qilish, turli manbalardan olingan maʼlumotlarni birlashtirish, maʼlumotlarni statistika maqsadlarida bir-biriga bogʻlashni va solishtirishni amalga oshirish hamda baholashning statistik usullaridan foydalanish huquqiga ega.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar tayyorlash jarayonida foydalaniladigan manbalar va usullarni, shuningdek yakuniy maʼlumotlar toʻplamlarini hujjatlashtirib boradi. Rasmiy statistikadan foydalanuvchilar statistika maʼlumotlarining manbalari va ularni tayyorlash usullari hamda rasmiy statistika maʼlumotlarining sifati toʻgʻrisida metamaʼlumotlar yordamida xabardor qilinadi.
