32-modda. Axborot xavfsizligini taʼminlash
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar individual maʼlumotlarni, umumlashtirilgan maxfiy koʻrsatkichlarni himoya qilish hamda ularning oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha tartibga soluvchi, maʼmuriy, texnik va tashkiliy tusdagi choralarni taʼminlaydi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning individual maʼlumotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan xodimlari, shu jumladan vaqtincha yollangan xodimlari tegishli lavozimdagi faoliyati vaqtida va faoliyatini tugatganidan keyin ushbu maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar statistika maqsadlari uchun zarur boʻlgan vaqt ichida identifikatorli individual maʼlumotlarga oʻzi belgilagan tartibga muvofiq ishlov berishi va ularni saqlashi mumkin.
Identifikator toʻgʻridan-toʻgʻri identifikatsiyalashni taʼminlashi, yaʼni alohida statistik birlikni bitta identifikator yoki identifikatorlar kombinatsiyasi asosida identifikatsiyalashni taʼminlashi mumkin.
Statistik birlikni identifikatsiyalash boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar yordamida bilvosita usullar bilan ham aniqlanishi mumkin.
Identifikatorli individual maʼlumotlarni yigʻishning barcha shakllari, shu jumladan elektron shakllari statistika maqsadlari uchun zarur boʻlmay qolishi bilan darhol yoʻq qilinishi lozim.
