31-modda. Maxfiy statistika maʼlumotlaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun foydalanish
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiruvchi shaxslarning soʻroviga koʻra ularga maxfiy statistika maʼlumotlaridan egasizlantirilgan shaklda foydalanish imkoniyatini berishi mumkin.
Ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun taqdim etiladigan maxfiy statistika maʼlumotlari tarkibida identifikatorlar boʻlishi mumkin emas. Maxfiy statistika maʼlumotlari ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborot bilan cheklanadi.
Individual maʼlumotlarni himoya qilish tartibining buzilishi xavfi mavjud boʻlmasa, maxfiy statistika maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyati beriladi.
Maxfiy statistika maʼlumotlari shartnoma asosida beriladi, shartnomada maʼlumotlardan foydalanish maqsadi, shartlari va rasmiy statistikadan foydalanuvchining tadqiqot natijalari haqida xabar berishga, maʼlumotlarni eʼlon qilmaslikka hamda uchinchi shaxslarga bermaslikka doir majburiyatlari koʻrsatiladi.
Shartnomada maʼlumotlarni tayyorlash natijasida yuzaga kelgan qoʻshimcha xarajatlar uchun kompensatsiya sifatida haq toʻlash nazarda tutiladi.
Ilmiy-tadqiqot loyihasi doirasida maxfiy statistika maʼlumotlari bilan ishlaydigan shaxslar respondentlarni har qanday usulda identifikatsiyalashga, uchinchi shaxslarga individual maʼlumotlarni yoki ular asosida hisob-kitob qilingan umumlashtirilgan koʻrsatkichlarni oshkor qilishga, maxfiy statistika maʼlumotlaridan shartnomada koʻrsatilgan maqsadlardan farq qiladigan maqsadlarda foydalanishga harakat qilmasligi kerak.
