30-modda. Individual maʼlumotlardan foydalanish
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Oʻz xizmat vazifalari doirasida rasmiy statistikani tayyorlashda ishtirok etuvchi shaxslar individual maʼlumotlardan rasmiy statistikani tayyorlash uchun zarur boʻlgan doirada foydalanadi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar rasmiy statistikadan foydalanuvchilarga individual maʼlumotlarni oshkor qilmaydi.
Agar maʼlumotlarga ishlov berishda identifikatorlarni chiqarib tashlash nazarda tutilgan boʻlsa yoki respondentlarni identifikatsiyalash mumkin boʻlmasa, individual maʼlumotlar ishlab chiqarilishi va eʼlon qilinishi mumkin.
Vakolatli davlat organi normativ-huquqiy hujjatlar va taraflar oʻrtasida imzolangan kelishuvlar asosida individual maʼlumotlarni, shu jumladan identifikatorlarni rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilaridan olish huquqiga ega.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi individual maʼlumotlarni vakolatli davlat organidan faqat statistika maqsadlari uchun olishi mumkin:
identifikatorlarsiz maʼlumotlarni;
faqat statistika registrlaridan olingan identifikatorli statistik birliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni.
Vakolatli davlat organi tomonidan individual maʼlumotlarni rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilariga taqdim etishning har bir holati imzolangan kelishuv asosida amalga oshiriladi.
