16-modda. Respondentlar
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikani tayyorlovchilarga individual va boshqa maʼlumotlarni statistika maqsadlarida taqdim etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs respondentdir.
Respondentlar rasmiy statistikani tayyorlovchilardan statistika kuzatuvlarining maqsadi va huquqiy asoslari toʻgʻrisida tushuntirishlar hamda maʼlumotlar, shuningdek olingan individual maʼlumotlarning maxfiyligi taʼminlanishi haqida axborot olishga haqli.
Statistika dasturlariga binoan statistika kuzatuvlarini oʻtkazish chogʻida respondentlar, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno:
rasmiy statistikani tayyorlovchilarga ishonchli va toʻliq maʼlumotlarni rasmiy statistikani tayyorlovchi tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda bepul taqdim etishi;
agar taqdim etilgan maʼlumotlar oʻz xulosalariga yoki rasmiy statistikani tayyorlovchilarning xulosalariga koʻra toʻgʻri, dolzarb va (yoki) toʻliq boʻlmasa, rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan belgilangan muddatlarda maʼlumotlarni tuzatishi, yangilashi, toʻldirishi hamda ularga taqdim etishi shart.
Respondentlar statistika maʼlumotlarini rasmiy statistikani tayyorlovchilarga qogʻoz shaklida yoki elektron shaklda taqdim etishi mumkin. Bunda statistika maʼlumotlarini yigʻish usullari rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan belgilanadi.
Mamlakatni demografik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan roʻyxatga olishlarda ishtirok etuvchi respondentlar roʻyxatga olish varagʻining shakliga binoan ishonchli individual maʼlumotlarni taqdim etishiga haqli hamda roʻyxatga olishlarni oʻtkazish jarayonlariga monelik qilmasligi shart.
