15-modda. Rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilarining huquq va majburiyatlari
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari quyidagi huquqlarga ega:
birlamchi maʼlumotlar manbalarini tanlash, rasmiy statistikani tayyorlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni bevosita respondentlardan olish va yigʻish;
jismoniy shaxs boʻlgan respondentlarni statistika kuzatuvlarida ishtirok etganligi uchun ragʻbatlantirishni amalga oshirish;
respondentlar uchun birlamchi maʼlumotlarni yigʻish usullarini belgilash.
Rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari qonunchilikka muvofiq oʻzga huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari:
rasmiy statistikaning asosiy prinsiplariga rioya etilishini va xalqaro tavsiyalarga muvofiq boʻlgan statistika uslubiyatlarining birligini taʼminlashi;
statistika dasturlarining bajarilishini taʼminlashi;
statistikaning sifati taʼminlanishini, maʼlumotlarni taqdim etishga doir xarajatlarni va respondentlarning zimmasidagi vazifalarni hisobga olgan holda birlamchi maʼlumotlarni yigʻishni amalga oshirishi;
yigʻilgan maʼlumotlarga ushbu Qonun hamda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga muvofiq ishlov berishi, ularni tarqatishi va saqlashi;
respondentlarni oʻtkazilayotgan statistika kuzatuvlarining maqsadi va huquqiy asoslari toʻgʻrisida, shuningdek ularning huquqlari, majburiyatlari va olinadigan individual maʼlumotlarning maxfiyligi taʼminlanishi haqida xabardor qilishi shart.
Rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari zimmasida qonunchilikka muvofiq oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
