9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining transport sohasidagi vakolatlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
transport sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining transport sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
transport tizimini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi, transport sohasida davlat dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
transport sohasidagi ilmiy-texnikaviy va investitsiyaviy faoliyatni tashkil etadi;
transport infratuzilmasi shakllantirilishini va uning samarali ishlashini taʼminlaydi;
transport sohasidagi litsenziyalash, sertifikatlashtirish, ruxsat etish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish tartibini belgilaydi;
transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalari toifalari sonini hamda ularni toifalash mezonlarini belgilaydi;
tranzit transport yoʻlaklari roʻyxatini tasdiqlaydi;
transport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi;
transport sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
