10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining transport sohasidagi vakolatlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi transport sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
transport sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
transport sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni, konsepsiyalar hamda strategiyalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida transport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
transportda xavfsizlikni taʼminlashga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
transport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etadi, shu jumladan xorijda tashkil etadi;
zamonaviy boshqaruv uslublariga asoslangan yagona uygʻunlashgan transport tizimini yaratish boʻyicha choralar koʻradi;
zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yoʻli bilan transport tizimini raqamlashtirishga doir choralar koʻradi;
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini, shuningdek sertifikatlashtirishni qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi;
transport sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
