31-modda. Tashishlar xavfsizligini, transport vositalaridan va transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish xavfsizligini taʼminlashga doir chora-tadbirlar
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Transport tashkilotlari, shuningdek tashuvchilar fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki xavfsizligini, transport vositalaridan, transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish xavfsizligini, shuningdek atrof-muhit muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
Transport infratuzilmasi obyektlarining faoliyat koʻrsatishiga va xavfsizligini taʼminlashga, shuningdek transport xizmatlari koʻrsatishga toʻsqinlik qiladigan xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Transport vositalari va inshootlarining xavfsizligini bevosita taʼminlaydigan xodimlar tegishli bilim, koʻnikma hamda tayyorgarlikka, shuningdek qonunchilik talablariga muvofiq ruxsat etish xususiyatiga ega boʻlgan ishlarga doir ijozatga ega boʻlishi kerak. Bu xodimlar, shuningdek mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar tibbiy tekshiruvdan oʻtishi kerak.
Transport vositalari harakati amalga oshiriladigan, manyovr va yuk ortish-tushirish ishlari bajariladigan transport infratuzilmasi obyektlarining hududlari oʻta xavfli zonalar hisoblanadi hamda, zarur boʻlganda, toʻsib qoʻyiladi va texnik nazorat vositalari bilan jihozlanadi. Oʻta xavfli zonalarda jismoniy shaxslarning boʻlishi va obyektlarning joylashtirilishi, ularda ishlarni bajarish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va temir yoʻllarni kesib oʻtuvchi yoki bevosita ularning yaqinida joylashgan gaz, neft quvurlarini va boshqa inshootlarni qurish hamda ulardan foydalanish chogʻida belgilangan normativlarni, shuningdek mazkur inshootlardan foydalanish xavfsizligini taʼminlash uchun ularning egalari javobgardir.
