30-modda. Transport-logistika markazlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar va transport vositalariga nisbatan bajariladigan operatsiyalardan kelib chiqqan holda xalqaro va hududiy transport-logistika markazlari tashkil etilishi mumkin.
Transport-logistika markazlari ularga har qanday turdagi transportda kirib kelayotgan hamda olib chiqilayotgan yuklarni omborga joylashtirish, saqlash, ularga ishlov berish, ularni qayta ishlash, qadoqlash va taqsimlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi, shuningdek transport vositalarini saqlashni va ularga texnik xizmatlar koʻrsatishni amalga oshiradi. Transport-logistika markazlari bojxona, logistika, fitosanitariya, veterinariya, sanitariya-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish xizmatlarining hamda yuklarni eksport va import qilish uchun qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa xizmatlarning toʻliq majmuini taqdim etishi mumkin.
Xalqaro transport-logistika markazlarida davlat organlarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning asosiy vazifalari “Yagona darcha” prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi hamda bojxona, chegara, logistika, tezkor-laboratoriya, fitosanitariya, veterinariya, sanitariya-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish xizmatlarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa xizmatlarni koʻrsatishga ixtisoslashtiriladi.
Xalqaro transport-logistika markazlari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan yuklar va transport vositalari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni bajarish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq transport nazoratini, shu bilan birga bojxona va chegara operatsiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangandir.
Hududiy transport-logistika markazlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuklarni omborga joylashtirish, saqlash, ularga ishlov berish, ularni qayta ishlash, qadoqlash va taqsimlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, shuningdek transport vositalarini saqlash va ularga texnik xizmatlar koʻrsatishni amalga oshirish uchun moʻljallangandir.
Transport-logistika markazlarini zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir namunaviy talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
