29-modda. Transport logistikasining asosiy vazifalari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Transport logistikasi transport majmui barcha ishtirokchilarining har xil turlardagi transportdan foydalangan holda maqbul yoʻnalish boʻylab tashishni rejalashtirish va uni boshqarish boʻyicha harakatlari kelishilganligini hamda oʻzaro bogʻliqligini, shu jumladan tashishning har bir bosqichida yoʻlovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining harakatlanishi monitoringini oʻz vaqtida va sifatli tarzda taʼminlashi kerak.
Transport logistikasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
transportda tashishning yagona texnologiyasini, toʻgʻridan-toʻgʻri qayta ortishlarni, qayta ortish amalga oshirilmaydigan qatnov yoʻlini qoʻllagan holda yagona transport tizimi parametrlarining kelishilganligi;
tashishlarning yagona reja-jadvallarini ishlab chiqish va qoʻllash;
transport yoʻlaklarini va transport zanjirlarini shakllantirish;
transport-omborxona jarayonining texnologik birligini taʼminlash;
yukni yetkazib berishning oqilona yoʻnalishini aniqlash;
transport vositasining xili va turini tanlash.
