28-modda. Tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish ustidan davlat nazorati
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida tegishli vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat nazorati jarayonida tranzit yoʻlovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining hamda tranzit vositalarining bojxona, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya, radiologiya, ekologiya nazorati hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida belgilanadigan nazoratning boshqa turlari talablariga muvofiqligi tekshiruvi amalga oshiriladi.
Tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishning majburiy shartlari quyidagilardan iborat:
vakolatli davlat organlari tomonidan davlat nazoratining barcha turlarini oʻz vakolatlari doirasida kompleks ravishda, bir vaqtning oʻzida oʻtkazish;
davlat nazorati oʻtkazilishini va vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining harakatlarini tartibga solish;
vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan davlat nazorati vazifalarini qonunchilikda belgilangan muddatlarda bajarish;
davlat metrologiya nazoratidan oʻtgan oʻlchov vositalaridan foydalanish;
tirik hayvonlarni, tez buziladigan mahsulotlarni, transplantatlarni, biomateriallarni, maxsus tibbiy dori-darmonlarni tashishda tezlashtirilgan va ustuvor davlat nazorati tartibi.
Tegishli vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslari oʻzining davlat nazoratiga doir vakolatlarini boshqa shaxslarga topshirishi mumkin emas.
