26-modda. Tranzit transport yoʻlaklari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Tranzit transport yoʻlaklari tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini ularning eng zich joylashgan yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro qatnovda tashishlar uchun transport tizimidan foydalanishni maqbullashtirish maqsadida tashkil etiladi.
Tranzit transport yoʻlagining punktlari xalqaro tashishda transport vositalarining harakatlanishi hamda yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashishning belgilangan yoʻnalishiga rioya etilishi ustidan masofaviy nazoratni taʼminlovchi axborot vositalari hamda texnik vositalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Har bir tranzit transport yoʻlagi uchun maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tranzit transport yoʻlagining pasporti tuzilib, unga quyidagi maʼlumotlar va hujjatlar kiritiladi:
tranzit transport yoʻlagining turi;
tranzit transport yoʻlagining boshlangʻich, oxirgi va oraliq punktlari nomi;
tranzit transport yoʻlagining uzunligi;
tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish muddati;
tranzit transport yoʻlagining texnologik xususiyatlari va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan boshqa maʼlumotlar;
davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshirishga doir texnologik sxemalar.
Tranzit transport yoʻlagining boshlangʻich va oxirgi punktlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali tegishli oʻtkazish punktlaridan iboratdir.
Tranzit transport yoʻlagi tranzit transport yoʻlaklarining reyestriga kiritiladi, ushbu reyestrni yuritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Tranzit transport yoʻlaklarining reyestriga kiritiladigan maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Tranzit transport yoʻlaklarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
