24-modda. Yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tranzit tashish
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali har qanday turdagi transportda olib oʻtish, agar bunday olib oʻtish joʻnatish va yetkazish punktlari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan yoʻlning faqat bir qismi boʻlsa, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining transport vositalarida chet davlatlar hududi orqali amalga oshiriladigan tashish tranzit tashishdir.
Tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tashish transportning tegishli turlariga oid bir yoki bir nechta tashish hujjatidan foydalangan holda transportning bir yoki bir nechta turi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Bir turdagi transportdan boshqasiga tranzit yoʻlovchini oʻtkazish va bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qayta ortish tashish hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Bunda tovarga qoʻshib yuboriladigan hujjatlar tovarning butun harakatlanish yoʻlida yuk bilan birga borishi kerak.
Agar ayrim tranzit bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish shartlarida ular bilan tegishli operatsiyalar (yukni tushirish, qayta ortish, saqlash, toʻplamlarga ajratish yoki toʻplamlar uchun yigʻish va boshqa shunga oʻxshash operatsiyalar) bajarilishi talab etilsa, ular tranzit yuklar maqomini saqlab qoladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri xalqaro qatnovda tashilayotgan tranzit bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qayta ortish tashuvchi tomonidan taqdim etiladigan transport vositalarida amalga oshiriladi.
Tranzit tashish operatori bilan shartnoma tuzilganidan soʻng tashuvchilar tranzit tashishlar operatorlaridan tranzit yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish uchun buyurtmalar olganda ushbu buyurtmalarni qanoatlantirishni rad etishga haqli emas.
