21-modda. Aralash tashishlar operatorining huquq va majburiyatlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Aralash tashishlar operatori:
oʻzining xususiyatlariga, vazniga hamda gabarit parametrlariga koʻra aralash tashishlar shartnomasida koʻrsatilgan bagaj, yuk bagaji, yuk, pochta va kuryerlik joʻnatmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga mos kelmaydigan bagajni, yuk bagajini, yukni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini aralash tashishni rad etish;
aralash tashishlar shartnomasida mijoz tomonidan koʻrsatilgan yetkazish punktiga bagajni, yuk bagajini, yukni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yengib boʻlmas kuch tufayli yetkazib berish imkoni boʻlmagan taqdirda, aralash tashishni rad etish hamda yuk joʻnatuvchini yozma yoki elektron shaklda oldindan xabardor qilgan holda bagajni, yuk bagajini, yukni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qaytarib berish. Bunda, agar aralash tashishlar shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, aralash tashishlar operatorining qoʻshimcha xarajatlari yukni joʻnatuvchi (yukni oluvchi) tomonidan toʻlanadi;
mijozdan aralash tashishlar shartnomasi boʻyicha majburiyatlar lozim darajada bajarilishini talab qilish huquqiga ega.
Aralash tashishlar operatori qonunchilikka va aralash tashishlar shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Aralash tashishlar operatori:
yoʻlovchini, bagajni, yuk bagajini, yukni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish punktidan yetkazish punktiga tashishni har xil turdagi transportdan foydalangan holda aralash tashishlar shartnomasiga muvofiq tashkil etishi;
yetkazish punktida bagaj va yuk bagaji yoʻlovchiga topshirilishini tashkil etishi;
aralash tashishlar shartnomasida belgilangan muddatlarda yoʻlovchini va bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilib olishi;
tashishning har bir bosqichida yoʻlovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining harakatlanishi ustidan monitoringni taʼminlashi;
bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining butun harakatlanish yoʻli davomida but saqlanishini, aralash tashishlar shartnomasida belgilangan muddatlarda yetkazilishini hamda ularni qabul qilib olishga vakolati boʻlgan shaxsga (yukni oluvchiga) topshirilishini taʼminlashi shart.
Aralash tashishlar operatorining zimmasida qonunchilikka va shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
