20-modda. Aralash tashishlar shartnomasi
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Aralash tashishlar shartnomasi aralash tashishlar operatori va mijoz oʻrtasida tuziladi hamda quyidagilarni:
mijozning hamda aralash tashishlar operatorining huquq va majburiyatlarini;
mijozning va aralash tashishlar operatorining javobgarligini;
yagona tovar-transport yuk xatini toʻldirish tartibini;
yetkazib berish muddatlari va shartlarini;
yetkazib berish punktlarini;
bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining hajmlari hamda oʻlchamlarini;
narxni va toʻlov tartibini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Aralash tashishlar shartnomasida qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Yoʻlovchini aralash tashishlar shartnomasi ommaviy shartnomadir. Yoʻlovchini aralash tashishlar shartnomasi tuzilganligi yoʻlovchining aralash qatnovda yurish huquqini tasdiqlovchi yagona chipta bilan, bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari topshirilganligi esa aralash tashishning bagaj kvitansiyasi bilan tasdiqlanadi.
