34-modda Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmita
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmita (bundan buyon “Qoʻmita” deb ataladi) taʼsis etiladi, u quyida koʻzda tutilgan funksiyalarni bajaradi.
2. Ushbu Konvensiya kuchga kirgan paytda Qoʻmita tarkibi oʻn ikki ekspertdan iborat boʻladi, shundan soʻng Konvensiyani yana 60 ta davlat ratifikatsiya qilgandan keyin yoki unga qoʻshilgach, Qoʻmita aʼzolarining soni oltitaga koʻpayib, eng koʻp miqdor — oʻn sakkiz aʼzoga yetadi.
3. Qoʻmita aʼzolari shaxsan oʻz nomidan ish koʻradi hamda yuksak axloqiy fazilatlarga, ushbu Konvensiya qamrab olgan sohalarda eʼtirof etilgan bilim va tajribaga ega boʻladi. Ishtirok etuvchi davlatlarga oʻz nomzodlarini koʻrsatish paytida ushbu Konvensiya 4-moddasi 3-bandida belgilab qoʻyilgan qoidalarni zarur darajada hisobga olish taklif etiladi.
4. Qoʻmita aʼzolari ishtirok etuvchi davlatlar tomonidan saylanadi, bunda adolatli jugʻrofiy taqsimotga, sivilizatsiyalarning va asosiy huquqiy tizimlarning turli shakllari vakolatligiga, jinslarning mutanosibligi va nogiron ekspertlarning ishtirok etishiga eʼtibor qaratiladi.
5. Qoʻmita aʼzolari ishtirok etuvchi davlatlar koʻrsatgan nomzodlar roʻyxati boʻyicha ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasi majlisida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Ishtirok etuvchi davlatlarning uchdan ikki qismi majlisda kvorumni tashkil etganida hozir boʻlgan va ovoz berishda ishtirok etayotgan ishtirok etuvchi davlatlar vakillarining eng koʻp va mutlaq koʻp ovozini olgan nomzodlar Qoʻmita tarkibiga saylangan hisoblanadi.
6. Dastlabki saylovlar ushbu Konvensiya kuchga kirgan kundan kechi bilan olti oy oʻtgandan soʻng oʻtkaziladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi har bir saylov muddatidan kamida toʻrt oy oldin ishtirok etuvchi davlatlarga maktub bilan murojaat qilib, ularga ikki oy mobaynida nomzodlarini koʻrsatishni taklif etadi. Shundan soʻng Bosh kotib ana shu tarzda koʻrsatilgan barcha nomzodlarning roʻyxatini, ularni koʻrsatgan ishtirok etuvchi davlatlarni qayd etgan holda, alfavit tartibida tuzadi va ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlarga yuboradi.
7. Qoʻmita aʼzolari toʻrt yil muddatga saylanadi. Ular yana faqat bir marta qayta saylanish huquqiga ega. Biroq birinchi saylovlarda saylanadigan aʼzolar olti nafari vakolatining muddati ikki yilda tugaydi; birinchi saylovlardan keyin darhol ushbu olti nafar aʼzoning ismlari, mazkur moddaning 5-bandida qayd qilinganidek, majlisda raislik qiluvchi tomonidan qurʼa tashlash boʻyicha aniqlanadi.
