33-modda Milliy amalga oshirish va monitoring
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar oʻzlarining tashkiliy tuzilishiga muvofiq ushbu Konvensiyani amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarga mutasaddilik qiladigan bitta yoki bir nechta organni tayinlaydi hamda turli sektorlar va turli darajalarda tegishli ishlarni amalga oshirishda yordam koʻrsatish uchun hukumatda muvofiqlashtiruvchi mexanizmni taʼsis etish yoki belgilash imkoniyatini zarur darajada oʻrganib chiqadi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar oʻzlarining huquqiy va maʼmuriy tuzilishiga muvofiq ushbu Konvensiyani amalga oshirishni ragʻbatlantirish, himoya qilish va monitoringi uchun, maqbul boʻlganda, bitta yoki bir nechta mustaqil mexanizmni qamrab oladigan tuzilmani tayinlaydi yoki taʼsis etadi, uni qoʻllab-quvvatlaydi va mustahkamlaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar bunday mexanizmni tayinlash yoki taʼsis etishda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish bilan shugʻullanadigan milliy muassasalarning maqomi va amal etishiga taalluqli prinsiplarni eʼtiborga oladi.
3. Fuqarolik jamiyati, jumladan nogironlar va ularning vakolatli tashkilotlari kuzatish jarayoniga toʻla jalb etiladi va unda ishtirok etadi.
