32-modda Xalqaro hamkorlik
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu Konvensiya maqsad va vazifalarini amalga oshirish boʻyicha milliy saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro hamkorlik va uni ragʻbatlantirish muhimligini eʼtirof etadi hamda shu munosabat bilan, maqbul boʻlganda, tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati, jumladan nogironlar tashkilotlari bilan sheriklikda davlatlararo aloqalar boʻyicha zarur va samarali choralarni koʻradi. Ushbu choralar, jumladan, quyidagilarni qamrab olishi mumkin:
a) xalqaro hamkorlik, shu jumladan xalqaro rivojlanish dasturlari nogironlarni qamrab olishini hamda ular bundan foydalana olishlarini taʼminlash;
b) mavjud imkoniyatlarni yengillashtirish va ularni mustahkamlashni, shu jumladan axborot, tajriba, dasturlar va ilgʻor ishlanmalar bilan oʻzaro almashish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash;
c) tadqiqotlar sohasida hamkorlik hamda ilmiy-texnikaviy bilimlardan foydalanishga koʻmaklashish;
d) maqbul boʻlganda, texnikaviy-iqtisodiy yordam koʻrsatish, shu jumladan foydalanish imkoniyati boʻlgan assistiv texnologiyalar bilan oʻzaro almashish, shuningdek texnologiyalarni taqdim etish orqali yordam koʻrsatish.
2. Ushbu moddaning qoidalari har bir ishtirok etuvchi davlatning ushbu Konvensiyaga muvofiq oʻz majburiyatlarini bajarish boʻyicha majburiyatlariga taalluqli emas.
