29-modda Siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning siyosiy huquqlarini va ulardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlaydi hamda quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishlari, shu jumladan saylash va saylanish huquqlari va imkoniyatlariga ega boʻlishlarini, jumladan, quyidagilar orqali taʼminlash:
i) ovoz berish tartiblari, binolari va materiallari anglash va foydalanish uchun mos va oson boʻlishini taʼminlash;
ii) nogironlarning saylovlarda va davlat referendumlarida yopiq ovoz berishda qoʻrqitilmasdan ishtirok etish hamda oʻz nomzodlarini saylovlarda, davlat hokimiyatining barcha darajalarida davlat lavozimlarini amalda egallashiga va davlat funksiyalarini bajarishlariga koʻrsatish huquqlarini — bunda qoʻllash maqbul boʻlganda assistiv va yangi texnologiyalardan foydalanishlariga yordam bergan holda himoya qilish;
iii) nogironlarning saylovchilar sifatida oʻz irodalarini erkin bildirishlarini kafolatlash va shu maqsadda, zarurat boʻlganda, ularning oʻz tanlovi boʻyicha birorta shaxs tomonidan ovoz berishda yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimoslarini qondirish;
b) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda va kamsitilmasdan davlatni boshqarishda samarali va har taraflama ishtirok etishlari uchun zarur sharoitni yaratishga faol koʻmaklashish hamda ularning davlat ishlarida ishtirok etishlarini, shu jumladan quyidagilar orqali ragʻbatlantirish:
i) faoliyati mamlakatning davlat va siyosiy hayoti bilan bogʻliq boʻlgan nohukumat tashkilotlari va birlashmalarida, shu jumladan siyosiy partiyalar faoliyatida va ularga rahbarlik qilishda ishtirok etish;
ii) nogironlarga nogironlar tashkilotlarini tuzish hamda ularga xalqaro, milliy, mintaqaviy va mahalliy darajada vakillik qilish uchun aʼzo boʻlish.
