28-modda Etarli turmush darajasi va ijtimoiy himoya
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning oʻzlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga, shu jumladan yetarlicha ovqatlanish, kiyim-kechakka va turar joyga ega boʻlish hamda turmush sharoitlari uzluksiz yaxshilanib borishi huquqlarini eʼtirof etadi, shuningdek ushbu huquqlarni nogironlik belgisi boʻyicha kamsitmasdan amalga oshirishni taʼminlash va ragʻbatlantirishning zarur choralarini koʻradi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning ijtimoiy himoyaga boʻlgan huquqlarini va bu huquqlardan nogironlik belgisi boʻyicha kamsitilmasdan foydalanishlari huquqini eʼtirof etadi hamda ushbu huquqni amalga oshirishni taʼminlash va ragʻbatlantirish uchun zarur choralarni koʻradi. Shu jumladan quyidagi choralarni koʻradi:
a) nogironlarning toza suvga teng ega boʻlishlarini hamda nogironlik bilan bogʻliq tegishli va qimmat boʻlmagan xizmatlar, qurilmalar va boshqa yordamdan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash;
b) nogironlarning, shu jumladan nogiron ayollar, qizlar va keksa kishilarning ijtimoiy himoya qilish va qashshoqlik koʻlamlarini qisqartirish dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash;
c) qashshoqlik sharoitida turmush kechirayotgan nogironlar va ular oilalarini nogironlik bilan bogʻliq xarajatlarini, shu jumladan tegishlicha taʼlim olish, maslahat, moliyaviy yordam va vaqtincha patronaj parvarishini olish boʻyicha xarajatlarni qoplash maqsadidagi davlat yordamini olishlarini taʼminlash;
d) nogironlarning davlat turar joy dasturlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
e) nogironlarning pensiya nafaqalari va dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash.
