25-modda Sogʻliqni saqlash
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar nogironlik belgisi boʻyicha kamsitilmasdan salomatliklarining erishish mumkin boʻlgan eng yuqori darajada saqlanishi huquqiga egalar. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar sogʻliqni saqlash sohasida gender xususiyatini hisobga oladigan xizmatlardan, shu jumladan salomatliklarining holati boʻyicha reabilitatsiya qilish imkoniyatiga ega boʻlishlarini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Ishtirok etuvchi davlatlar, shu jumladan quyidagi choralarni koʻradi:
a) nogironlarga boshqalar bilan bir qatorda salomatlikni saqlash boʻyicha bepul yoki qimmat boʻlmagan xizmatlar va dasturlarning turlari, sifati va darajasini, shu jumladan seksual va reproduktiv salomatlik hamda davlat sogʻliqni saqlash dasturlari asosida aholiga taklif etilayotgan turlarni taʼminlaydi;
b) sogʻliqni saqlash sohasida nogironlarga ularning nogironligi sababli bevosita zarur boʻlgan xizmatlarni, shu jumladan barvaqt diagnostikani, oʻrni boʻlsa — korreksiya va nogironlikning, shu jumladan bolalar va katta yoshdagilar oʻrtasida nogironlikning bundan buyon paydo boʻlishiga iloji boricha yoʻl qoʻymaslik va buning oldini olishiga daʼvat etilgan xizmatlarni taqdim etadi;
c) sogʻliqni saqlash sohasidagi ushbu xizmatlarni iloji boricha ushbu odamlar bevosita istiqomat qiladigan joylarga yaqinda, shu jumladan qishloq joylarida tashkil etadi;
d) sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislaridan nogironlarga boshqa shaxslarga boʻlgani kabi sifatli xizmat koʻrsatishni, shu jumladan boshqa masalalar qatori taʼlim berish hamda davlat va xususiy sogʻliqni saqlash sohasi uchun axloq standartlarini qabul qilish hisobiga inson huquqlari, qadr-qimmati, mustaqilligi va nogironlarning ehtiyojlari toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirishni talab etadi;
e) nogironlarga tibbiy sugʻurtalash va hayotni sugʻurtalashni (agar bunga milliy qonunchilikda ruxsat berilgan boʻlsa) taqdim etishda ularni kamsitishni man etadi hamda bu adolatli va oqilona asosda taqdim etilishini koʻzda tutadi;
f) nogironlik sababi boʻyicha sogʻliqni saqlashda yoki bu sohada xizmat koʻrsatilishida yoxud ovqat yoki ichimliklarni olishda kamsituvchi rad etilishlarga yoʻl qoʻymaydi.
