24-modda Taʼlim
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning taʼlim olish huquqini eʼtirof etadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni kamsitmasdan va imkoniyatlar tengligi asosida amalga oshirish maqsadlarida barcha darajalarda inklyuziv taʼlimni va butun umri davomida oʻqitilishlarini taʼminlaydi, bunda quyidagilarga intiladi:
a) inson salohiyatini, shuningdek qadr-qimmat va oʻzini hurmat qilish hissini toʻla rivojlantirish hamda inson huquqlari, asosiy erkinliklari va insoniy turfa xillikni hurmat qilishni kuchaytirish;
b) nogironlarning shaxsi, isteʼdodi va ijodini, shuningdek aqliy va jismoniy qobiliyatlarini toʻla hajmda rivojlantirish;
c) nogironlarga erkin jamiyat hayotida samarali ishtirok etish imkoniyatini yaratish.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni amalga oshirishda quyidagilarni taʼminlaydi:
a) nogironlar nogironligi sababiga koʻra umumiy taʼlim tizimidan, nogiron bolalar esa bepul va majburiy boshlangʻich taʼlim yoki oʻrta taʼlim tizimidan chiqarilmasligi;
b) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda oʻz yashash joylarida inklyuziv, sifatli va bepul boshlangʻich taʼlim va oʻrta taʼlimni olish imkoniyatiga ega boʻlishi;
c) shaxsiy ehtiyojlarni hisobga oladigan oqilona moslashtirish taʼminlanishi;
d) nogironlar umumiy taʼlim tizimi doirasida samarali taʼlim olishlarini yengillashtirish uchun talab qilinadigan qoʻllab-quvvatlashga ega boʻlishi;
e) toʻla qamrab olish maqsadiga muvofiq bilimlarni egallash va ijtimoiy rivojlanishga iloji boricha eng samarali yordam berish vaziyatida shaxsiy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish boʻyicha samarali choralar koʻrilishi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar taʼlim jarayonida hamda mahalliy hamjamiyatning aʼzolari sifatida toʻla va teng ishtirok etishlarini taʼminlash uchun ularga hayotiy va ijtimoiy koʻnikmalarni egallash imkoniyatini yaratadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu yoʻnalishda tegishli choralarni koʻradi, shu jumladan:
a) Brayl alifbosi, muqobil shriftlarni, muomalani kuchaytiradigan va muqobil usullar, vositalar va shakllarni, shuningdek moʻljal olish va harakatlanish koʻnikmalarini egallashlariga hamda tengdoshlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishga va murabbiylikka koʻmaklashadi;
b) ishorali tilni egallash va karlarning oʻziga xos tilini egallashga yordam beradi;
c) shaxslarni oʻqitish, jumladan koʻzi ojizlar, karlar yoki koʻzi ojiz va kar boʻlgan bolalarni oʻqitish ularga eng maqbul boʻlgan til va usullarda, muomala vositalarida hamda bilimlarni egallash va ijtimoiy rivojlanishga iloji boricha eng koʻp yordam beradigan vaziyatda amalga oshirilishini taʼminlaydi.
