23-modda Uy va oilani hurmat qilish
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga nisbatan boshqalar bilan teng tarzda nikoh, oila, otalik, onalik va shaxsiy munosabatlarga taalluqli masalalarda kamsitilishlarini bartaraf etish uchun samarali va zarur choralar koʻradi. Bunda ular quyidagilarni taʼminlashga intiladi:
a) nikoh yoshiga yetgan barcha nogironlarning nikohdan oʻtayotganlarning erkin va toʻliq roziligi asosida nikohdan oʻtish va oila qurish huquqining eʼtirof etilishini;
b) nogironlarning bolalar soni va ular tugʻilishi orasidagi tanaffus toʻgʻrisida erkin va masʼul qaror qabul qilish hamda reproduktiv va oilani rejalashtirish masalalarida yoshiga mos axborotdan foydalanish imkoniyati hamda bu masalalardan xabardor boʻlish huquqining eʼtirof etilishi, shuningdek ularga bu huquqlarini amalga oshirish imkoniyatlarini beradigan vositalarning taqdim etilishini;
c) nogironlar, shu jumladan bolalar boshqalar bilan teng tarzda oʻz fertilliklarini saqlashlarini.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar milliy qonunchilikda vasiylik, farzandlarni asrab olish yoki shu kabi institutlar toʻgʻrisida qoidalar mavjud boʻlgan taqdirda nogironlarning ushbu masalalar boʻyicha huquq va majburiyatlarini taʼminlaydi; barcha holatlarda bolaning oliy manfaatlari birinchi darajali ahamiyatga egadir. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga bolalarini tarbiyalash boʻyicha majburiyatlarini bajarishlarida zarur yordam koʻrsatadi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolalar oilaviy turmushga nisbatan teng huquqlarga ega boʻlishini taʼminlaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqlarni amalga oshirish hamda bolalar nogironligini yashirish, ularni tashlab ketish, parvarish qilishdan bosh tortish va segregatsiyasiga yoʻl qoʻymaslik uchun avval boshdan nogiron bolalar va ular oilalarini har taraflama axborot, xizmatlar va qoʻllab-quvvatlash bilan taʼminlash majburiyatini oladi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar bola oʻz ota-onasidan uning irodasiga qarshi ajratilmasligini taʼminlaydi, sud tomonidan nazorat qilinadigan vakolatli organlar qoʻllaniladigan qonunlar va tartiblarga muvofiq bunday ajratish bolaning oliy manfaatlari uchun zarur ekanligini belgilagan holatlar bundan mustasnodir. Hech bir vaziyatda bola oʻzining, otasi yoki onasidan birortasining yoki ham otasi, ham onasining nogironligi sababiga koʻra ota-onasidan ajratilishi mumkin emas.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolaning eng yaqin qarindoshlari uni parvarish qilishga qodir boʻlmagan holatlarda uzoqroq qarindoshlari hisobiga, bunday imkoniyat boʻlmaganida esa mahalliy hamjamiyatda bola yashashi uchun oilaviy sharoitlarni yaratish hisobiga muqobil parvarish qilishni tashkil etish uchun barcha saʼy-harakatlarni qilish majburiyatlarini oladi.
