28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari haqiqiy harbiy xizmatda boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatida haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash tartibi umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi chogʻida oʻzining shaxsiy, kasbiy va psixologik sifatlari, maʼlumoti hamda sogʻligʻining holati boʻyicha oʻziga qoʻyiladigan maxsus talablarga mos boʻlishi kerak va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining raisi tasdiqlagan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchisining or-nomus kodeksiga rioya etishi shart. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga nisbatan maxsus talablar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining raisi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari oʻz vakolatiga kiradigan vazifalarni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlariga va boshqa tashkilotlariga harakatdagi rezervda haqiqiy harbiy xizmatda qoldirilgan holda xizmat safariga yuborilishi mumkin. Xizmat safari muddati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining raisi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining qonuniy talablari fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
