27-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatini kadrlar bilan toʻldirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati kasbga yaroqlilik boʻyicha tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan, muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan ixtiyoriy asosda toʻldiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarining zaxirasidagi yoki rezervidagi fuqarolar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining ayol jinsiga mansub boʻlgan, harbiy-hisob mutaxassisligi boʻyicha tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlmagan fuqarolari qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlaridan va boshqa tashkilotlaridan harbiy xizmatchilarni (xodimlarni) tanlab olish hamda oʻtkazish ustuvor hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga qabul qilishda ish joyidan boʻshagan kundan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga haqiqiy harbiy xizmatga qabul qilingan kunga qadar koʻpi bilan uch oy oʻtgan boʻlsa, mazkur davrda boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bilan mehnat munosabatlari mavjud boʻlmasa, haqiqiy harbiy xizmatda boʻlish uzluksiz hisoblanadi.
Alohida hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisining qaroriga koʻra, tor ixtisoslikdagi yoki yuqori malakali mutaxassislar haqiqiy harbiy xizmatga ushbu Qonunda belgilangan ayrim talablar hisobga olinmagan holda qabul qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining serjantlar tarkibi lavozimlariga umumiy oʻrta, oʻrta maxsus yoki oliy maʼlumotga ega shaxslar tayinlanadi.
Ofitserlar tarkibi lavozimlariga oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tayinlanadi.
Alohida hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisining qaroriga koʻra, oʻrta maxsus maʼlumotga ega serjantlar tarkibidagi yuqori kasbiy koʻrsatkichlarga erishgan harbiy xizmatchilarni ofitserlik lavozimlariga tayinlashga ruxsat etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga qabul qilingan harbiy xizmatga majburlar harbiy hisobdan chiqariladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining maxsus hisobiga qoʻyiladi.
