13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab erkin harakatlanish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ushbu Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab erkin harakatlanish huquqiga ega.
Chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab harakatlanishi hududida Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli davlat organlarining ruxsatnomalari asosida harakatlanish amalga oshiriladigan chegara zonalarida hamda chegara mintaqalarida cheklanishi mumkin.
Chegaraoldi hududlar aholisining oʻzaro safarlari qoidalarini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi bilan belgilangan hujjat asosida Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan chet el fuqarolari harakatlanishining oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilanadi.
