12-modda. Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish, turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv oʻtkazishi yoki uni koʻzdan kechirishi, yozishmalar va telefonda soʻzlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan faqat Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari asosida protsessual majburlov va maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ularning huquqlari hamda ushlab turilishiga yoxud qamoqqa olinishiga sabab boʻlgan holatlar toʻgʻrisida xabar qilinishi kerak.
