31-modda. Psixiatriya statsionariga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish uchun asoslar
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish sudning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar ruhiy holati buzilgan shaxsni faqat statsionar sharoitlarida tekshiruvdan oʻtkazish yoki davolash mumkin boʻlsa, ruhiy holatning buzilishi esa ogʻir hamda quyidagilar bilan bogʻliq boʻlsa, bu shaxs oʻzining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz sud qarori chiqarilmasidanoq psixiatriya statsionariga yotqizilishi mumkin:
uning oʻzi uchun yoki atrofidagilar uchun bevosita xavf solish ehtimoli;
uning yordamga muhtojligi, yaʼni asosiy hayotiy ehtiyojlarni mustaqil ravishda qanoatlantirishga layoqatsizligi;
agar shaxs psixiatriya yordami koʻrsatilmasdan qoldirilgudek boʻlsa, ruhiy holati yomonlashuvi tufayli uning sogʻligʻiga jiddiy zarar yetishi.
