30-modda. Psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asoslar
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Psixiatriya statsionariga yotqizish uchun shaxsda ruhiy holatning buzilishi mavjudligi va shifokor-psixiatrning statsionar sharoitlarida tekshiruvdan oʻtkazish yoki davolash toʻgʻrisidagi qarori yoxud sudning qarori asos boʻladi.
Qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda psixiatriya ekspertizasini oʻtkazish zarurati ham psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asos boʻlishi mumkin.
Shaxsni psixiatriya statsionariga yotqizish ixtiyoriy ravishda uning iltimosiga binoan yoki roziligi bilan amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Voyaga yetmagan shaxsni psixiatriya statsionariga yotqizish uning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan amalga oshiriladi. Ota-onasidan biri rozi boʻlmagan taqdirda yoxud ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili mavjud boʻlmaganda, voyaga yetmagan shaxsni psixiatriya statsionariga yotqizish vasiylik va homiylik organining qaroriga binoan amalga oshiriladi, bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs uning qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga yotqiziladi.
Statsionarga yotqizishga rozilik tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyish orqali va ruhiy holati buzilgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining, shuningdek shifokor-psixiatrning imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
