32-modda. Psixiatriya yordami koʻrsatish chogʻida xavfsizlikni taʼminlash choralari
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Statsionar sharoitlardagi psixiatriya yordami statsionarga yotqizilgan shaxsning va boshqa shaxslarning xavfsizligini taʼminlaydigan sharoitlarda, tibbiyot xodimlari tomonidan uning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionariga gʻayriixtiyoriy ravishda yotqizilganda va bu yerda boʻlganda jismoniy siquvga olish va ajratib qoʻyish choralari faqat shifokor-psixiatrning xulosasiga koʻra, shaxsning oʻzi uchun yoki boshqa shaxslar uchun bevosita xavf tugʻdiruvchi harakatlarini boshqa usullar bilan bartaraf etish mumkin boʻlmagan hollarda va davrda qoʻllaniladi hamda tibbiyot xodimlarining doimiy nazorati ostida amalga oshiriladi. Jismoniy siquvga olish yoki ajratib qoʻyish choralarini qoʻllash shakllari va vaqti haqida tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyiladi.
Ichki ishlar organlarining xodimlari statsionarga gʻayriixtiyoriy ravishda yotqizishni amalga oshirish chogʻida tibbiyot xodimlariga yordam koʻrsatishi hamda statsionarga yotqizilayotgan shaxs bilan muloqotda boʻlish va uni koʻzdan kechirish uchun xavfsiz sharoitlarni taʼminlashi shart.
Statsionarga yotqizilayotgan shaxsning atrofdagilar hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi harakatlarini bartaraf etish zarur boʻlgan hollarda, shuningdek statsionarga yotqizilishi lozim boʻlgan shaxsni qidirish hamda ushlash zarurati boʻlganda ichki ishlar organlarining xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qiladi.
