15-modda. Davolanishni rad qilish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Ruhiy holati buzilgan shaxs, ruhiy holati buzilgan voyaga yetmagan shaxsning ota-onasidan biri yoki boshqa qonuniy vakili, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning qonuniy vakili taklif etilayotgan davolanishni rad qilish yoki uni tugatishni talab qilish huquqiga ega, bundan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan yoxud psixiatriya muassasasiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilgan hollar mustasno.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning qonuniy vakili davolanishni rad qilish yoki uni tugatish toʻgʻrisida davolanish rad etilgan yoxud tugatilgan kunning ertasidan kechiktirmay oʻz vasiyligi ostidagi shaxsning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi.
Davolanishni rad etgan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga bunday rad etishning yoxud davolanishni tugatishning ehtimol tutilgan oqibatlari tushuntirilishi kerak. Davolanishni rad etish, rad etish kunida tibbiy hujjatga ehtimol tutilgan oqibatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda yozib qoʻyish orqali va davolanishni rad etgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining, shuningdek shifokor-psixiatrning imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
