14-modda. Maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Ruhiy holati buzilgan shaxsga nisbatan tibbiy aralashuv uning maʼlumotlarni bilgan holda ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Shifokor-psixiatr ruhiy holati buzilgan shaxsga uning ruhiy holatining xususiyati, tavsiya etilayotgan davolashning maqsadi, usullari, shu jumladan muqobil usullari va davolashning davomiyligi haqida, shuningdek ehtimol tutilgan xavf, nojoʻya taʼsirlar va kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida tushunarli shaklda va uning ruhiy holatini hisobga olgan holda axborot taqdim etishi shart. Shifokor-psixiatr taqdim etilgan axborot toʻgʻrisida tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyadi.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy rozilikni ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar shunday rozilikni beradigan shaxsga maʼlum qilinganidan keyin ota-onasidan biri yoki boshqa qonuniy vakili beradi, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga nisbatan esa uning qonuniy vakili rozilik beradi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning qonuniy vakili maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berganligi haqida vasiyligidagi shaxsning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy roziligisiz davolash faqat tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash chogʻida, shuningdek psixiatriya muassasasiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilganda amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan ruhiy holat buzilishlarini davolash uchun asl holiga qaytarib boʻlmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan jarrohlik usullarini hamda boshqa usullarni qoʻllashga, shuningdek ularda profilaktika, tashxis qoʻyish, davolash va tibbiy reabilitatsiya qilish usullari, tibbiyot uchun moʻljallangan dori vositalari va buyumlari, maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari sinovlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
