16-modda. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha hamda tartibda sudning qaroriga koʻra qoʻllaniladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining psixiatriya muassasalari tomonidan, ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilingan shaxslarga nisbatan esa ichki ishlar organlarining jazoni oʻtash joyidagi tibbiyot muassasalari tomonidan qoʻllaniladi.
Oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining psixiatriya muassasalarida turgan shaxslar psixiatriya statsionarida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlaridan foydalanadi.
Oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining psixiatriya muassasalarida turgan shaxslar mazkur muassasada boʻladigan butun davrda mehnatga layoqatsiz deb topiladi va shifokor-psixiatr huzurida majburiy ambulatoriya kuzatuvida va davolanishda turgan shaxslar bilan teng ravishda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa olish yoki umumiy asoslarda pensiya olish huquqiga ega.
