54-modda. Sud majlisi zalidagi tartib
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Sud majlisi zalida hozir boʻlganlar Konstitutsiyaviy sudga, majlis zalida hozir boʻlgan boshqa shaxslarga hurmat bilan munosabatda boʻlishi va sud majlisida tartibga rioya etishi, sud majlisida raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishi shart.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari sud majlisi zaliga kirganda va ular chiqib ketayotganda barcha majlis zalida hozir boʻlganlar oʻrnidan turadi.
Sud majlisi ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sudga: “Hurmatli Konstitutsiyaviy sud” degan soʻzlar bilan murojaat etadi.
Sud majlisi zalida hozir boʻlganlar Konstitutsiyaviy sud qarorini tik turgan holda eshitadi.
