55-modda. Sud majlisini keyinga qoldirish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Konstitutsiyaviy sud quyidagi hollarda sud majlisini keyinga qoldiradi:
sud majlisida Konstitutsiyaviy sudning vakolatli tarkibi mavjud boʻlmaganda;
sud majlisida hozir boʻlishi shart deb topilgan taraf, uning vakili, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon kelmaganda, agar ularning yoʻqligi ishning mohiyati boʻyicha hal etilishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa;
hujjatlar va boshqa materiallar taqdim etilmaganda yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganda, agar ular ishni hal etish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlsa;
agar qoʻshimcha materiallarni talab qilib olish zarurligi munosabati bilan Konstitutsiyaviy sudning sudyasi yoki taraf, uning vakili ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirish toʻgʻrisida iltimos qilsa;
ishning har tomonlama, toʻliq va xolisona koʻrib chiqilishiga monelik qiladigan boshqa holatlar mavjud boʻlganda, shu jumladan sud majlisida tartib buzilgan taqdirda.
Konstitutsiyaviy sud sud majlisini keyinga qoldirish toʻgʻrisida ajrim qabul qiladi. Bunda Konstitutsiyaviy sud sud majlisi koʻchiriladigan sanani tayinlaydi.
Koʻrib chiqilishi keyinga qoldirilgan ish boʻyicha sud majlisi boshidan boshlanadi yoki keyinga qoldirilgan joyidan boshlanadi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari eshitilgan guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni, tarjimonlarni qaytadan chaqirish faqat Konstitutsiyaviy sud zarur deb topgan taqdirda amalga oshiriladi.
