53-modda. Ishni koʻrib chiqishning bevositaligi va sud majlisining uzluksizligi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Konstitutsiyaviy sud ishni koʻrib chiqish chogʻida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini bevosita sud majlisida eshitadi, zarur hujjatlarni oʻqib eshittiradi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalarida va taraflarda mavjud boʻlgan hujjatlar, agar ularning mazmuni muhokama jarayonida ogʻzaki bayon qilinsa, oʻqib eshittirilmasligi mumkin. Biroq, agar Konstitutsiyaviy sudning sudyalaridan yoki sud majlisi ishtirokchilaridan birortasi ularning toʻliq yoki qisman oʻqib eshittirilishini talab qilsa, sud majlisida raislik qiluvchining qaroriga binoan oʻqib eshittirilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining normalariga rasmiy sharh berish toʻgʻrisidagi ishlarni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻrishi mumkin. Bu haqda Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini xabardor qiladi. Agar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridan biri ishni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻrishga qarshi eʼtiroz bildirsa, ish umumiy tartibda koʻrib chiqiladi. Konstitutsiyaviy sud ishni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan ushbu bobning qoidalariga muvofiq koʻrib chiqadi.
Sudning majlisi har bir ish boʻyicha uzluksiz oʻtadi, bundan majlis ishtirokchilariga dam olish uchun yoki yakunlovchi nutqlarini tayyorlash uchun ajratilgan vaqt mustasno. Taraflardan birining iltimosiga koʻra boshqa taraf taqdim etgan materiallarni qoʻshimcha oʻrganish uchun, shuningdek majlisning normal davom etishiga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelgan hollarda sud majlisida tanaffus qilinishi mumkin.
