9-modda. Ekologik audit xulosasi
Ekologik audit toʻgʻrisida (O‘RQ-678-son) · Sana: 15.03.2021 · Amalda
Ekologik audit oʻtkazish yakunlari boʻyicha ekologik audit xulosasi tuziladi.
Ekologik audit xulosasi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga doir tavsiyalarni, shuningdek ekologik audit subyekti tomonidan amalga oshirilayotgan tabiatni muhofaza qilishga oid tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar va takliflarni oʻz ichiga olishi kerak.
Ekologik audit xulosasi maxfiy hujjatdir va u ekologik audit buyurtmachisining roziligisiz oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekologik audit xulosasining har bir sahifasi ekologik auditni amalga oshirgan ekologik auditor (ekologik auditorlar) va ekologik auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
Ekologik audit xulosasining shakli va mazmuni ekologik audit standartlarida belgilanadi.
