10-modda. Ekologik auditorlik tashkilotlari
Ekologik audit toʻgʻrisida (O‘RQ-678-son) · Sana: 15.03.2021 · Amalda
Ekologik auditorlik tashkilotlari oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida mustaqildir.
Ekologik auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma faqat ekologik auditorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisi mavjud boʻlgan taqdirda tuziladi.
Ekologik auditorlik tashkilotlarining, shuningdek ular xodimlarining faoliyatiga mustaqil ekologik auditni amalga oshirishga monelik qilish maqsadida aralashishga hamda qanday shaklda boʻlmasin taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar ekologik auditorlik tashkilotlarining muassislari boʻlishi mumkin emas.
Ekologik auditorlik tashkilotlari har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin, bundan aksiyadorlik jamiyati mustasno.
Ekologik auditorlik tashkilotiga ushbu ekologik auditorlik tashkiloti oʻzi uchun asosiy ish joyi boʻlgan ekologik auditor rahbar boʻlishi mumkin.
Ekologik auditorlik tashkilotlari davlat xizmatlari markazlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Ekologik auditorlik tashkilotlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Ekologik auditorlik tashkiloti boshqa ekologik auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin emas hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish va tabiiy resurslardan foydalanish bilan bogʻliq biror-bir tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga haqli emas.
