11-modda. Ekologik auditorlik tashkilotining huquq va majburiyatlari
Ekologik audit toʻgʻrisida (O‘RQ-678-son) · Sana: 15.03.2021 · Amalda
Ekologik auditorlik tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
ekologik audit subyektiga nisbatan ekologik audit oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun uning taʼsis hujjatlari va boshqa hujjatlari bilan oldindan tanishish;
ekologik audit subyektining asbob-uskunalari va boshqa mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazish, shuningdek ularning haqiqiy holati va ish samaradorligini oʻrganish;
zarur oʻlchovlar oʻtkazish, namunalar olish va oʻzining akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyasida yoki boshqa akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyada laboratoriya sinovlarini oʻtkazish;
ekologik audit oʻtkazish davomida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha tabiatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxslardan tushuntirishlar va ekologik audit oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar olish;
ekologik audit oʻtkazishda ishtirok etishga boshqa mutaxassislarni ekspert sifatida jalb qilish;
ekologik audit bilan bogʻliq huquqiy masalalar yuzasidan maslahatlar berish.
Ekologik auditorlik tashkiloti quyidagi turdosh xizmatlarni ham koʻrsatishi mumkin:
a) atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatganlik uchun toʻlov hisob-kitobining toʻgʻriligini tekshirish;
b) quyidagi masalalar yuzasidan tahlil qilish va maslahat berish:
tabiiy resurslardan foydalanish va (yoki) atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish;
atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida hisobotlar tuzish;
tabiatni muhofaza qilishga oid faoliyatni va tadbirlarni rejalashtirish, amalga oshirish hamda natijalarini baholash;
ishlab chiqarishga doir ekologik nazoratni tashkil etish va oʻtkazish, uning natijalari toʻgʻrisida hisobotlar tuzish;
atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha ilgʻor texnologiyalar va usullarni joriy etish;
v) atrof-muhitga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash.
Ekologik auditorlik tashkiloti:
ekologik auditorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida ekologik audit toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
shtatida asosiy ish joyi ekologik auditorlik tashkiloti boʻlgan kamida toʻrt nafar ekologik auditor mavjud boʻlishini taʼminlashi;
ekologik auditorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisiga ega boʻlishi;
