36-modda. Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Yuridik shaxs, uning mulkdori, ustav fondida (ustav kapitalida) kamida besh foiz miqdoridagi ulushga ega boʻlgan ishtirokchilar va aksiyadorlar, shuningdek nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining buyurtmachilari boʻlishi mumkin.
Nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusiga koʻra auditorlik tekshiruvi auditorlik tashkiloti va ushbu organlar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida oʻtkaziladi hamda mazkur shartnoma asosida haq toʻlanadi. Bunda nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ayni bir auditorlik tashkilotini ayni bir xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini ayni oʻsha asoslarga koʻra tekshirishga takroran jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga doir ishlarga haq toʻlash auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqan shaxs yoki organ hisobidan amalga oshiriladi.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvini oʻtkazish predmeti, muddatlari hamda boshqa shartlari auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi va auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuziladigan auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
