35-modda. Majburiy auditorlik tekshiruvi
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Quyidagi tashkilotlar har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim:
aksiyadorlik jamiyatlari;
banklar va boshqa kredit tashkilotlari;
sugʻurta tashkilotlari;
qishloq xoʻjaligi kooperativlari;
investitsiya fondlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jamlovchi boshqa fondlar hamda ularning investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilari;
manbalari yuridik va jismoniy shaxslarning ajratmalaridan iborat boʻlgan xayriya, jamoat fondlari va boshqa fondlar (bundan bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud boʻlmagan jamoat fondlari mustasno);
ustav fondida (ustav kapitalida) davlatga tegishli ulushga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
birjalar;
hisobot yili yakunlariga koʻra quyidagi shartlardan bir vaqtning oʻzida ikkitasiga javob bergan tijorat tashkilotlari: aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ming baravari miqdoridan ortiq, xodimlarining oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiq boʻlsa.
Quyidagi shartlarga muvofiq boʻlgan auditorlik tashkilotlarining ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tashkilotlarning majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishiga yoʻl qoʻyiladi:
shtatida kamida ketma-ket uch yillik uzluksiz ish stajiga yoki xalqaro buxgalter sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar auditorning mavjudligi;
auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish natijalariga koʻra, auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi hollari mavjud emasligi.
Banklarning auditorlik tekshiruvi shtatida banklarning auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar auditor mavjud boʻlgan auditorlik tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar majburiy auditorlik tekshiruvi buyurtmachilari sifatida ish yuritadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar majburiy auditorlik tekshiruvi oʻtkazilganidan keyin oʻn besh kun ichida, biroq hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay, soliq organlariga auditorlik xulosasining koʻchirma nusxasini taqdim etadi.
