37-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻidagi huquq va majburiyatlari
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Oʻziga nisbatan auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt auditorlik tashkilotidan:
auditorlik xulosasini;
auditorlik xulosasida ifodalangan fikr yuzasidan tushuntirishlarni va auditorlik tashkilotining fikriga asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi axborotni;
buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot tuzish hamda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni toʻgʻrilash tartibi haqida maslahatlar olishga haqlidir.
Oʻziga nisbatan auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt:
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorga shart-sharoitlarni yaratib berishi va unga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarga rioya etishi;
auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqishi va mazkur axborot olingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay auditorlik tashkilotini natijalar haqida yozma shaklda xabardor qilishi;
auditorlik tekshiruvi jarayonida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritishga, moliyaviy hisobot tuzishga hamda soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish tartibiga doir qoidabuzarliklarni bartaraf etishi shart.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladigan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish yoki unga toʻsqinlik qilish maqsadida biron-bir harakatni (harakatsizlikni) sodir etishga haqli emas.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt qonunchilikka hamda auditorlik tashkiloti bilan tuzilgan auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
