27-modda. Auditorlik tashkiloti
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditorlik tashkiloti oʻzi haqidagi maʼlumotlar Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan sanadan eʼtiboran auditorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Auditorlik tashkiloti oʻz faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir.
Auditorlik tashkiloti vazirliklar, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Auditorlik tashkilotlariga tadbirkorlik faoliyatining ushbu Qonun 32 va 33-moddalarida nazarda tutilgan turlaridan tashqari boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish taqiqlanadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadigan boshqa shaxslar auditorlik tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin emas.
Auditorlik tashkiloti, basharti quyidagi majburiy shartlarga rioya etsa, qonunchilikda nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda, bundan aksiyadorlik jamiyati mustasno, tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin:
auditorlik tashkiloti oʻzi uchun asosiy ish joyi boʻlgan auditorlarning eng kam soni shtatdagi kamida toʻrt nafar auditordan iborat boʻladi;
auditorlik tashkilotining ustav fondi (ustav kapitali) auditorlik tashkiloti oʻz faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalanadigan mol-mulkdan, shu jumladan pul mablagʻlaridan shakllantiriladi;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) auditorlarga (auditorga) tegishli boʻlgan ulush kamida ellik bir foizni tashkil etishi kerak (bundan auditorlik tashkiloti — chet el auditorlik tashkilotining filiali yoki shuʼba xoʻjalik jamiyati tashkil etilgan hollar mustasno);
auditorlik tashkilotiga faqat oʻzi uchun mazkur auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi boʻlgan auditor rahbar boʻlishi kerak.
Auditorlik tashkiloti boshqa auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin emas.
Ushbu moddaning oltinchi qismi talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda auditorlik tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kun muddatda vakolatli davlat organini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va yuzaga kelgan nomuvofiqlikni koʻrsatib oʻtilgan sanadan eʼtiboran uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda bartaraf etishi yoxud auditorlik faoliyatini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart. Ushbu moddaning oltinchi qismi talablariga nomuvofiqlik bartaraf etilguniga qadar auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik tekshiruvlari oʻtkazish taqiqlanadi.
