28-modda. Auditorlik tashkilotining huquqlari
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditorlik tashkiloti:
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektning taʼsis hujjatlari hamda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot hujjatlari bilan oldindan tanishib chiqishni amalga oshirishga;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish shakllari va usullarini mustaqil tarzda belgilashga;
auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotganda xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq hujjatlarini toʻliq hajmda olishga, shuningdek ushbu hujjatlarda hisobga olingan har qanday mol-mulkning amalda mavjudligini hamda har qanday majburiyatlarning amaldagi holatini tekshirishga;
xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan eʼlon qilingan auditorlik tashkiloti tanlovlarida ishtirok etishga, shuningdek tanlov shartlari bilan tanishib chiqish va oʻz takliflarini taqdim etishga;
xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslaridan, boshqa moddiy javobgar xodimlaridan, audit qoʻmitasidan auditorlik tekshiruvi jarayonida yuzaga kelgan masalalar yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish hamda auditorlik tekshiruvi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar olishga;
uchinchi shaxslardan axborotning yozma tasdiqnomalarini olishga;
auditorlik xulosasini tuzish uchun zarur boʻlgan axborot xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan taqdim etilmagan taqdirda auditorlik tekshiruvi oʻtkazishni rad etishga;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda ishtirok etish uchun boshqa mutaxassislarni ekspert sifatida jalb etishga;
auditorlik tekshiruvi bilan qamrab olinadigan davrda xoʻjalik yurituvchi subyektga turdosh xizmatlar koʻrsatishga, bundan buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash, yuritish va moliyaviy hisobot tuzish, shu jumladan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot tuzish, taftish komissiyasi (taftishchi) vazifalarini, investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi vazifalarini amalga oshirish mustasno;
oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalarga hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga birlashishga haqli.
Auditorlik tashkiloti qonunchilikka va auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
