26-modda. Sertifikatning amal qilishini tugatish
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Sertifikatning amal qilishi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Sertifikatning amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
auditorning sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi arizasi;
uch yil davomida auditorlik faoliyatida ishtirok etmaganlik;
sertifikat rasmiylashtirilgan sanadan eʼtiboran olti oy davomida auditorning sertifikatni olish uchun kelmaganligi;
auditorlar respublika jamoat birlashmasining sertifikat berish toʻgʻrisidagi qarori qonunga xilof ekanligi fakti aniqlanganligi;
sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi;
sudning muayyan huquqdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan hukmi;
sudning sertifikat egasini belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi qarori;
auditorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida ushbu Qonun talablarini muntazam ravishda (ikki martadan koʻp) yoki bir marta qoʻpol tarzda buzganlik.
Quyidagilar ushbu Qonun talablarini bir marta qoʻpol tarzda buzish deb eʼtirof etiladi:
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarni buzganlik;
bila turib soxta auditorlik xulosasini tuzganlik;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida olingan maxfiy axborotni auditorlik tekshiruvi buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilganlik, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida aniqlangan, buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek moliyaviy hisobot tuzish boʻyicha belgilangan talablarning xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan buzilishi faktlarining auditor tomonidan yashirilganligi;
sertifikatni boshqa shaxsga uning auditorlik faoliyatida oʻz nomidan ishtirok etishi uchun ushbu hujjatdan foydalanishi maqsadida berganlik fakti aniqlanganligi;
auditorning nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlariga koʻra har xil tekshiruvlarni oʻtkazish uchun auditorlik tashkiloti va mazkur organlar oʻrtasida shartnoma tuzilmagan holda mutaxassis sifatida ishtirok etganligi;
auditor bir vaqtning oʻzida bittadan ortiq auditorlik tashkilotining xodimi yoki muassisi (ishtirokchisi) ekanligi fakti aniqlanganligi;
