25-modda. Sertifikatni rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish, uning dublikatini berish
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Sertifikat auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan malaka komissiyasining bayonnomalari olinganidan keyin oʻn kunlik muddatda rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik kuchga ega boʻladi.
Auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, u tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan eʼtiboran sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga sertifikatni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida bir oylik muddatda ariza berishi shart.
Sertifikatni qayta rasmiylashtirish auditor qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan sertifikatning asl nusxasini va tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ilova qilgan holda sertifikatni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza bergan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi. Qayta rasmiylashtirish chogʻida avval berilgan raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati koʻrsatilgan sertifikatning yangi blankasi beriladi. Ilgari berilgan sertifikat blankasi yoʻq qilinadi.
Yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan sertifikat oʻrniga auditorning sertifikatning dublikatini berish toʻgʻrisidagi arizasiga asosan uning dublikati beriladi. Sertifikat yoʻqolganligi toʻgʻrisidagi axborot vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Sertifikatning dublikati aynan oʻsha raqamda va ilgari belgilangan amal qilish muddatiga, sertifikatning yangi blankasida “Dublikat” degan yozuv albatta kiritilgan holda beriladi.
Yaroqsiz holga kelgan sertifikat uni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.
