20-modda. Malaka imtihoni
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun talabgorlarning bilimlarini malaka komissiyasi tomonidan tekshirish tartib-taomili malaka imtihonidir.
Malaka imtihonini oʻtkazish reglamenti vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan belgilanadi.
Auditorda kamida oʻn yillik uzluksiz auditorlik ish staji mavjud boʻlgan va u ushbu Qonun 22-moddasining ikkinchi qismida belgilangan hujjatlarni taqdim etgan taqdirda, sertifikatning amal qilish muddati malaka imtihoni topshirilmagan holda uzaytiriladi.
Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor, malaka imtihonini qayta topshirish uchun malaka imtihonida ishtirok etgan sanadan eʼtiboran kamida bir oydan soʻng hujjatlarni taqdim etishga haqli.
