19-modda. Auditorning malaka sertifikati
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditorning malaka sertifikati (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) auditorning malakasini tasdiqlaydigan va unga auditorlik tashkiloti tarkibida auditorlik xizmatlarini koʻrsatish huquqini beradigan hujjatdir.
Sertifikat basharti talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan beriladigan, qatʼiy hisobotga oid hujjatdir.
Sertifikat dastlabki besh yillik muddatga beriladi, uning amal qilishi navbatdagi oʻn yillik muddatga va keyinchalik muddatsiz davrga uzaytiriladi.
Talabgorda xalqaro buxgalter sertifikati mavjud boʻlgan hamda u ushbu Qonunning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etgan taqdirda, sertifikat unga malaka imtihonini topshirmagan holda dastlabki besh yillik muddatga beriladi va belgilangan davriylik bilan uzaytiriladi.
