18-modda. Rad etish tartib-taomili
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Taraflar, basharti ushbu modda uchinchi qismining qoidalariga rioya etilsa, arbitrni rad etish tartib-taomili toʻgʻrisida oʻz xohishiga koʻra kelishib olishi mumkin.
Bunday kelishuv mavjud boʻlmaganda, arbitrni rad etmoqchi boʻlgan taraf arbitraj sudi tarkibi shakllantirilishi haqida yoki ushbu Qonun 17-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan har qanday holat toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlib qolganidan keyin oʻn besh kun ichida yozma arizada arbitraj sudiga rad etish sabablarini xabar qiladi. Agar rad etilishi talab qilinayotgan arbitr tayinlanishdan oʻzi voz kechmasa yoki boshqa taraf rad etishga rozi boʻlmasa, rad etish toʻgʻrisidagi masala arbitraj sudi tomonidan hal etiladi.
Agar taraflar tomonidan kelishilgan har qanday tartib-taomil yoki ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartib-taomil qoʻllanilganda rad etish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilmasa, rad etish haqida ariza bergan taraf rad etish toʻgʻrisidagi qaror xususida bildirishnoma olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida sudga rad etishni qanoatlantirish haqida ariza berishi mumkin. Sudning mazkur arizaga taalluqli qarori ustidan shikoyat qilinmaydi.
Bunday ariza hal qilinishi kutilayotgan vaqtda arbitraj sudi, shu jumladan oʻziga nisbatan rad etilishi haqida ariza berilgan arbitr arbitraj muhokamasini davom ettirishi va arbitraj hal qiluv qarorini qabul qilishi mumkin.
